O‘zbekiston xavfsizlik sohasida Rossiya bilan hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirmoqda

Respublika mudofaa vaziri O‘zbekiston Rossiya bilan mintaqa xavfsizligi sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini ma’lum qildi
Sputnik
TOShKENT, 28 apr — Sputnik. O‘zbekiston Rossiya bilan mintaqa xavfsizligi sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor.
Bu haqda respublika mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov rossiyalik hamkasbi Sergey Shoygu bilan muzokaralar davomida ma’lum qildi.
“Biz Rossiya bilan strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarimizni aniq amaliy mazmun jihatdan to‘ldirish bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama aloqalarimizni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdormiz. Shu bilan bir qatorda ta’kidlamoqchimanki, O‘zbekiston, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi bilan mudofaa va mintaqa xavfsizligini ta’minlash sohasida har tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor”, - deya Qurbonov so‘zlaridan iqtibos keltirgan RIA Novosti.
Qurbonov ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar strategik hamkorlikning yangi sifatli darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi.
“Bugun Rossiya O‘zbekistonning yirik savdo va investitsiya hamkoridir”, - deya qo‘shimcha qildi u.
Rossiya va O‘zbekiston harbiy sohada hamkorlikni kuchaytiradi - dastur tayyor
Respublika mudofaa vazirining so‘zlariga ko‘ra, pandemiyaga qaramasdan, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda.
Qurbonov so‘nggi yillarda ikki davlat hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar faol rivojlanib borayotganini urg‘uladi.
Muzokaralar chog‘ida Qurbonov rossiyalik hamkasbi Shoyguni uning faoliyatidagi o‘ta muhim sana – “30 yil Rossiya hukumati tarkibida Vatanga xizmat qilishi” bilan qutladi.