TOShKENT, 25 apr — Sputnik. Yaponiyaning Ginovan shahrida 21 yoshli o‘zbekistonlik dengizda g‘arb bo‘layotgan o‘smirning hayotini qutqarib qoldi. Bu haqda “Nippon NewsNetwork” telekanalida efirga uzatilgan reportajdan ma’lum bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘smir cho‘milish taqiqlangan joyda do‘stlari suzmoqchi bo‘lgan va kuchli to‘lqinlar ko‘tarilgan vaqtda g‘arq bo‘la boshlagan.
O‘sha payt shu yaqin atrofda bo‘lgan o‘zbekistonlik talaba Eldor O‘rinboyev buni ko‘rib qolgan va uni qutqarishga shoshilgan. U o‘zini suvga tashlab, cho‘kayotgan o‘smirni sohilga olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘rinboyevga Yaponiyaning Toshkentdagi elchisi Yoshinori Fujiyama minnatdorchilik izhor etgan.
“Men Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida O‘rinboyevga o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, Ginovan shahrida dengizda cho‘kib ketayotgan yapon o‘smirini qutqargani uchun chuqur minnatdorchiligimni izhor etaman. Hozirda O‘rinboyev Yaponiyaning eng janubiy qismida joylashgan Okinava prefekturasida tahsil oladi. O‘zi ham dengizga birinchi marta tushganiga qaramay, bor kuchi bilan suzib borib, odam qutqargan ushbu o‘zbek o‘smirining jasurligi va vijdonliligi uchun yana bir bor samimiy minnatdorchiligimni izhor etishga ijozat bering”, — dedi elchi.