TOShKENT, 25 apr — Sputnik. Toshkent viloyatida Lacetti yuk poyezdiga to‘qnashib, ag‘darilib ketdi.
“Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” matbuot xizmati xabariga ko‘ra, YTH 25-aprel kuni soat 05:55 da Dalaguzar—Nazarbek peregoni, 3367-kilometr 7-piketdagi o‘tish joyida sodir bo‘lgan. "Lacetti" 2015-sonli yuk poyezdi bilan to‘qnashgan.
Qayd etilishicha, bu qo‘riqlanmaydigan o‘tish joyi bo‘lib, kesishmada yo‘l harakatini tartibga soluvchi belgilar va svetofor o‘rnatilgan.
“Lacetti” haydovchisining yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzganligi oqibatida mazkur holat yuz bergan. U svetoforning qizil chirog‘i yonib turishiga, to‘xtash signali ishlashiga, hatto to‘xtash belgisiga ham e’tibor bermagan.
To‘qnashuv paytida tan jarohati olgan avtomobil haydovchisi va bir nafar yo‘lovchi zudlik bilan shifoxonaga olib ketilgan.