TOShKENT, 25 apr — Sputnik. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida boks bo‘yicha “Gubernator kubogi” musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi jami 6 ta, jumladan, 4 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar qildi.
Final janglarida qatnashgan 5 nafar O‘zbekiston vakilining 4 nafari bahslarni muvaffaqiyatli yakunladi. +91 kg finalida Bahodir Jalolov musobaqa mezbonlaridan biri Ivan Verasovni nokautga uchratib, turnirga chiroyli yakun yasab berdi.
Shuningdek, Nodirjon Mirzahmedov (-49 kg), Shahobiddin Zoirov (-52 kg) va Mirazizbek Mirzaxalilov (-57 kg) ham oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Abdumalik Xalakov (-60 kg) kumush va Bobousmon Baturov (-69 kg) esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.