TOShKENT, 24 apr - Sputnik. O‘zbekiston Mehnat vazirligi mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan bayonot e’lon qildi.
Idora sal avval ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilarning o‘zbekistonlik mehnat migrantlari faqat Rossiya Federatsiyasi mehnat bozoriga bog‘lanib qolgani haqidagi fikrlariga javoban quyidagilarni ma’lum qilgan.
"Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan dunyoning rivojlangan davlatlari mehnat bozori doimiy o‘rganilib, mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga xorijda ishlash istagida bo‘lgan yurtdoshlarimizni ishga jalb qilish bo‘yicha qator natijalarga erishilmoqda. Xususan, bugungi kunda Rossiya va Qozog‘istondan tashqari Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Polsha, BAA, Bolgariya, Turkiya, Chexiya, Latviya, Quvayt kabi rivojlangan davlatlarning salohiyatli ish beruvchi tashkilotlari bilan O‘zbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri 29 ta aniq kelishuvlar imzolangan".
Vazirlik dunyoning rivojlangan davlatlari mehnat bozoriga chiqish uchun fuqarolardan raqobatdosh kasbiy malakaga ega bo‘lish va chet tillarini bilish talab etilishini eslatib o‘tgan.
"Buning uchun xorijda ishlash istagida bo‘lgan yurtdoshlarimiz uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi respublikamizning barcha hududlaridagi monomarkazlar, 30 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi va 136 ta mahallalardagi kasb hunar maskanlarida 5 ta chet tillari va 25 ta yo‘nalish bo‘yicha kasblarga tayyorlash markazlari tashkil etilgan bo‘lib, ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar uchun ushbu markazlardagi o‘quv-kurslari bepul amalga oshirilmoqda", - deyiladi xabarda.
Xususan, Rossiya, Qozog‘iston, Koreya, Litva, Saudiya Arabistoni, BAA va boshqa davlatlarga qurilish, transport xizmatlari, yo‘lovchilar va yuk tashish, kommunal xizmat, savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat, qishloq xo‘jaligi singari sohalarda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun 2019-yilda 4,4 mingta, 2020-yildagi pandemiya sharoitida 10,3 mingta, joriy yilning birinchi choragida esa 9,5 mingta fuqaro tashkillashtirilgan va manzilli tartibda ishga jalb qilingan.
Hozirgi vaqtda tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi asosiy maqsad, raqam ortidan quvish emas, balki dunyo mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash va xorijda ishlash istagida bo‘lgan yurtdoshlarimizni xavfsiz, tartibli va qonuniy ish bilan ta’minlashdir, deya xotima qilgan Mehnat vazirligi.