O‘zbekistonda yomon yo‘llar sabab qariyb 2-yil ichida 191 kishi halok bo‘lgan

Yo‘llar yomonligi sabab 2-yil ichida sodir bo‘lgan 530 dan ortiq YTH oqibatida 191 kishi halok bo‘lgan.
Sputnik
TOShKENT, 22 apr — Sputnik. O‘zbekistonda 2019-yilda va 2020-yilning 8 oyi ichida ta’mirlanmagan yo‘llar sababli 532 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Ularda 191 kishi vafot etib, 511 kishi jarohatlangan. Bu haqda Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Burhonov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, mazkur YTHlar avtomobil yo‘llarining ta’mirlash ishlari olib borilayotgan, ta’mirlash ishlari oxiriga yetkazilmasdan qolib ketgan hamda ta’mirlanishi lozim bo‘lgan joylarda sodir bo‘lganligi qayd etilgan.
Toshkentda 5 ta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari harakat xavfsizligini ta’minlash, YTHlarning oldini olish, harakat ishtirokchilariga qulayliklar yaratish yuzasidan mahalliy hokimliklar hamda tegishli tashkilot va idoralarga 2017—2020 yillar davomida jami 6709 ta taqdimnoma kiritgan bo‘lsa-da, ularning 3173 tasi yoki 45 foizi belgilangan muddatlarda ijro etilmagan.
Burhonovning so‘zlariga ko‘ra, taqdimnomalar ijrosini ta’minlamagan mutasaddilarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rish kerak.