TOShKENT, 21 apr — Sputnik. O‘zbekiston futzal terma jamoasi Jahon chempionatida ishtirok etadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) matbuot xizmati xabar qildi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) Kuvaytda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan futzal bo‘yicha Osiyo chempionatini bekor qilgan edi.
Musobaqa reglamentiga asosan turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etgan 5 ta jamoa 2021-yilgi futzal bo‘yicha Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi kerak edi. Shu sababli, mazkur kvotalar OFK Ijroiya qo‘mitasi belgilab bergan mezonga ko‘ra taqsimlandi.
OFK Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilish bayonnomasiga binoan Litva mezbonlik qiladigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan terma jamoalar nomi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur jamoalar nomini aniqlashda ularning so‘nggi Osiyo chempionatlaridagi ishtiroki hisobga olindi.
Unga ko‘ra futzal bo‘yicha O‘zbekiston, Yaponiya hamda Eron milliy terma jamoalari Jahon chempionati-2021 bahslariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Iroq, Livan, Tailand va Vyetnam vakillari esa mundialning qolgan 2 yo‘llanmasi uchun pley-off turnirida o‘zaro bahs olib boradigan bo‘ldi.