Mehnat vazirligi yakshanba kuni o‘tkazilgan majlis uchun 2 baravar maosh to‘lashni talab qildi

Davlat mehnat inspeksiyasi yig‘ilishda xodimlari ishtirok etgan hokimiyat, vazirlik va boshqa idoralarga murojaat qilib tegishli to‘lovlarni amalga oshirish haqida ogoxlantirdi.
Sputnik
TOShKENT, 21 apr – Sputnik. O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yakshanba kuni o‘tkazilgan majlis uchun, unda ishtirok etgan barcha xodimlarning ish joylariga xat yubordi. Bu haqida vazirlik telegram kanalida xabar qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev rahbarligida 18-aprel yakshanba kuni soat 18:00da qishloq ho‘jaligi masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan.
Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ushbu yig‘ilishda vakillari ishtirok etgan barcha hokimiyat, vazirlik va idoralarga - dam olish kunida xodimlarni ishga jalb qilish to‘g‘risida buyruq rasmiylashtirish hamda tegishli to‘lovlarni amalga oshirish yuzasidan ogoxlantirish xatlari berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 157-moddasiga muvofiq, ishdan tashqari ish vaqtida hamda dam olish kunlarida xodimlar ishga jalb qilinganda ularga mazkur tashkilotning jamoa shartnomasida belgilangan, lekin kamida ikki hissa miqdorida mehnat haqi to‘lanishi lozim.
Ish vaqtidan tashqari yoki dam olish kunida ishga jalb qilingan xodimlarga ish soatlariga mutanosib ravishda otgul (qo‘shimcha dam olish kuni) berilgan bo‘lsa, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorida mehnat haqi to‘lanadi.
Shu bilan birga vazirlik, mehnat muhofazasi sohasida qonun buzilishlari sodir bo‘lganda vazirlikning ishonch telefoniga +71-200-06-00, 1176 qisqa raqamiga yoki www.dmi.mehnat.uz saytiga murojaat qilishni so‘radi.