IIV rahbarining yangi o‘rinbosarlari tayinlandi

Azizbek Ikramov, Bahodir Mirzarahimov va Bekmurod Abdullayev ichki ishlar vazirining o‘rinbosari va uch departament boshliqlari etib tayinlandi.
Sputnik
TOShKENT, 21 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti qaroriga asosan IIVda qator tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
General-mayor Azizbek Ikramov ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Tayinlovga qadar Ikramov ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
General-mayor Bahodir Mirzarahimov ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Ichki ishlar organlari faoliyati tubdan o‘zgaradi
Tayinlovga qadar Mirzarahimov Ichki ishlar vazirining jazolarni ijro etishni ta’minlash va harbiy tuzilmalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Polkovnik Bekmurod Abdullayev ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Tayinlovga qadar Abdullayev Milliy gvardiyasi qo‘mondonining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident farmoni bilan Ichki ishlar vazirligi tuzilmasi qayta ko‘rib chiqilgan edi. Boshqarma va xizmatlar departamentlarga birlashtirilgan edi.