TOShKENT, 21 apr —Sputnik. Moskva shahar pedagogika universiteti olimlari ish beruvchilar bitiruvchilardan qanday ko‘nikmalarni kutayotganini o‘rganib chiqishdi.
Olimlar muvaffaqiyatli karyera va yetarli miqdorda maosh olish uchun bevosita mutaxassislikdan tashqari bir qator psixiologik hamda boshqa metapredmet yondashuv xususiyatlari kerakligini aniqlashdi.
Xususan, mustaqil ravishda biror axborotni qidirib topish, uni tahlil qilish, xulosa chiqarish va uni yozma yoki prezentatsiya ko‘rinishida namoyish etish. Ushbu xususiyat o‘z o‘rnini tezroq topishda yordam berishi mumkin.
Ikkinchidan - metapredmet yondashuv. Bunda nomzod olingan bilimlaridan foydalanish ko‘nikmalari, yangi bilimlarni o‘zlashtirish va ulardan samarali foydalanish xususiyati.
Uchinchidan, yangi sharoitda, kollektiv bilan tez til topishi, stressga chidamlilik va kollektivda o‘z o‘rnini topish xususiyatlari kiradi.
Asosiy xulosa shundan iboratki, bugungi kunda ish beruvchilar yangi xodimning nafaqat olgan bilimlarini, balkim yangi bilimlarni qanchalik tez o‘zlashtirishini hamda yangi sharoitga qanchalik tez moslashuvi va muvofiq harakat qilishini yuqoriroq baholashi ma’lum bo‘lgan.