TOShKENT, 18 apr — Sputnik. Saudiya Arabistoni va Eron hukumatlari munosabatlarni qayta tiklash borasida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda “Financial Times” gazetasi iroqlik amaldorlarga tayangan holda xabar bermoqda.
Iroq muzokaralarni tashkillashtirishda vositachi rolini ijro etmoqda. Tehron va Ar-Riyod vakillarining birinchi uchrashuvi 9-aprel kuni Bag‘dodda bo‘lib o‘tgan. Unda Yaman hutiylarining hujumlari muhokama qilingan. Ikki mamlakat muzokaralari ijobiy ruhda o‘tgani xabar qilinmoqda.
Bu ikki mamlakatning 2016-yildan buyon bir-biriga peshvoz chiqishining ilk jiddiy odimi bo‘ldi. Munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan say’-harakatlar AQShning Eron bilan yadroviy bitimni tiklashga urinishi vaqtida bo‘lib o‘tmoqda.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Eron va Saudiya Arabistoni vakillarining keyingi uchrashuvi kelasi hafta bo‘lib o‘tishi lozim. Arabiston delegatsiyasiga arabiston razvedkasi rahbari Xalid bin Ali al-Humaydan rahbarlik qiladi.
Ikki mamlakat muloqotini tashkillashtirishga yaqinda Ar-Riyodda shahzoda Muhammad bin Salmon bilan muzokaralar o‘tkazgan Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kazimiy faol ko‘maklashmoqda.
Mansabdor shaxslar muzokaralar bo‘lib o‘tganini tan olishmagan.
“Yuqori lavozimli Saudiya Arabistoni amaldori Eron bilan biror bir muzokaralar bo‘lganini inkor etdi. Iroq va Eron hukumati izoh berishdan o‘zini tiydi. Biroq yuqori lavozimli iroqlik amaldor va chet ellik diplomat muzokaralar bo‘lib o‘tganini tasdiqladi”, - deya yozadi gazeta.
Xabar qilinishicha, Iroq Eron va Misr hamda Eron va Iordaniya o‘rtasidagi muloqot aloqalarini ta’minlaydi.
Saudiya Arabistoni Eron bilan diplomatik munosabatlarni 2016-yil yanvar oyida Tehrondagi elchixonasi oldida Ar-Riyodda taniqli din arbobini qatl qilinishiga qarshi o‘tkazilgan norozilik namoyishlari sabab uzib qo‘ygan edi.