TOShKENT, 18 apr — Sputnik. Senatorlar aviachiptalar narxining qimmatligi yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga (MQKQ) so‘rov yubordi.
Xabarda yozilishicha, ayrim yo‘nalishlar uchun aviachiptalar narxi o‘ta qimmat. Bu fuqarolarning asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Senat ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi faqat bir tarafga 4,7 million so‘mni tashkil qilmoqda. Holbuki, parvoz vaqti 3 soat 40 daqiqadan iborat Toshkent–Moskva yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxi 4,2 million so‘m, Toshkent–Riga yo‘nalishi bo‘yicha 2,8 million so‘m (parvoz vaqti 5 soat 30 daqiqa), Toshkent–Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha esa 6,5 million so‘m (parvoz vaqti 12 soat) etib belgilangan.
“Ko‘rinib turibdiki, parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan
Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi undan bir necha soat ko‘p parvoz qilinadigan yo‘nalishlar uchun belgilangan narxlardan sezilarli darajada yuqoridir. Ushbu “tushunarsiz holat” fuqarolarimiz uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda”, - deyilgan xabarda.
Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi undan bir necha soat ko‘p parvoz qilinadigan yo‘nalishlar uchun belgilangan narxlardan sezilarli darajada yuqoridir. Ushbu “tushunarsiz holat” fuqarolarimiz uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda”, - deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, aholi bilan joylarda o‘tkazilgan muloqotlar va tegishli tahlillar shuni ko‘rsatganki, mas’ullar narx belgilashda fuqarolar tushib qolgan tanlovsiz, murakkab vaziyatdan insofsizlarcha foydalanmoqda.
“Bundan tashqari, Qozog‘istonga chegaradan piyoda yoki avtotransport vositasida o‘tishga Qozog‘iston tomonidan pandemiya sababli taqiq qo‘yilgan va bizning mas’ullarimiz ana shunday sharoitda fuqarolarimiz majburligidan ham qimmat narxda chipta sotib olaveradi, degan ishonch bilan o‘z yurtdoshlarining manfaatlariga zid harakat (yoki harakatsizlik) qilmoqda”, — deyiladi Senat xabarida.
Oqibatda ishlash yoki boshqa maqsadlarda qo‘shni Qozog‘istonga ketayotgan fuqarolar yana asossiz va ortiqcha xarajat qilishga majbur bo‘lmoqda.
Senat Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Shohrux Shorahmedovga Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar haddan ziyod yuqori narxda sotilayotganligini o‘rganib chiqish va natijasi borasida ma’lumotlarni taqdim etish yuzasidan senatorlar so‘rovini yuborgan.