Shavkat Mirziyoyev “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga tashrif buyurdi

"Urgut" EIZida sun’iy toladan gilamlar, gaz plitalari va elektr duxovkalar, gigiyena vositalari, kiyim-kechak ishlab chiqarilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 16 apr - Sputnik. Samarqand viloyatiga bo‘lib o‘tayotgan tashrifi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga tashrif buyurdi.
Bugungi kunda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida 55 ta korxona o‘z faoliyatini boshlagan va yana 29ta korxona ishga tushirilish arafasida turibdi. Bu yerda sun’iy toladan gilamlar, gaz plitalari va elektr duxovkalar, gigiyena vositalari, kiyim-kechak jami 220 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Prezident “Kamalak Tekstil” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Urgut tumanining Mergancha massivida joylashgan ushbu shirkatda gilam va tafting, kovrolin mahsulotlari, sintetik ip va sun’iy chim ishlab chiqarilmoqda. Korxonada Belgiya, Shveysariya, Avstriya, Fransiya va Germaniya davlatlarining zamonaviy, energiya tejovchi uskuna va jihozlari o‘rnatilgan. 328 ta ish o‘rni yaratilgan.
1 / 4
2 / 4
3 / 4
4 / 4
O‘tgan yili bu yerda tayyorlangan 170 milliard so‘mlik mahsulotning 59 foizi ichki bozorga, 41 foizi xorijga sotilgan. Joriy yilda 7,5 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev “Sam elektro servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotlarini ham ko‘zdan kechirdi. Ushbu korxona “Ideal” brendi ostida yiliga 260 ming dona elektr duxovka, 150 ming dona gaz plitalari va ular uchun qo‘shimcha buyumlar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Unga Germaniya, Turkiya va Xitoydan zamonaviy, energiya tejovchi uskuna va jihozlar keltirib o‘rnatilgan.
2020 yilda umumiy qiymati 58 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, uning 32 foizi xorijga eksport qilingan. Joriy yilda 2 million dollarlik mahsulot eksport qilish ko‘zda tutilgan.
1 / 3
2 / 3
3 / 3
Undan tashqari “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida ayni paytda qiymati 90 million dollarlik 29 ta loyiha bo‘yicha qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Mazkur loyihalar ishga tushirilishi natijasida yana 2 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.
“Urgut” EIZi 2017-yilning 12-yanvarida prezident farmoniga asosan tashkil qilingan edi. Bugungi kunda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida qiymati 402 million dollarlikdan ziyod 84 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. 55 ta loyiha bo‘yicha ishlab chiqarish boshlangan ularda 4328 kishi ish bilan ta’minlangan.