TOShKENT, 15 apr — Sputnik. Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishidagi bekatda vaqtni ko‘rsatuvchi tablodagi axloqsiz gap aks ettirilgan video tarqaldi.
Holat “3-Bekat” bekatida kuzatilgan va video TikTok ijtimoiy tarmog‘iga joylangan.
Toshkent metropoliteni holat yuzasidan munosabat bildirib, ichki xizmat tekshiruvi o‘tkazilganini ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, 12-aprel kuni soat 16:40 da ushbu vaqtni ko‘rsatuvchi soat mexanizmiga kiberhujum (buzib kirish) uyushtirilgan.
“Ushbu darcha elektron tizimli bo‘lib Wi-Fi orqali boshqariladi. Xakerlar soatga o‘rnatilgan parolni buzib, axloqsiz gaplarni satrga joylashtirgan”, - deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, yozuv 4 daqiqa ichida olib tashlangan. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan aybdorlar qidirilmoqda va ularga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.
“Toshkent metropoliteni” UK rahbariyati telekommunikatsiya tarmog‘iga noqonuniy (sanksiyasiz) ulanish uchun jinoiy javobgarlik belgilanganini eslatgan.