TOShKENT, 15 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand xalqaro aeroportining modernizatsiya qilish ishlari bilan tanishdi. Yangi aeroportni joriy yil sentabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, prezidant dastlab xalqaro aviatsiya standartlari asosida qurilgan uchish-qo‘nish yo‘lagini ko‘zdan kechirgan. Uning uzunligi 3105 va eni 60 metr. Hozir yoritish-signal chiroqlari va aeronavigatsiya uskunalari o‘rnatilmoqda.
Yangi terminal zamonaviy dizaynga, bir soatda 800 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Ilgari bu ko‘rsatkich 400 nafar edi.
“Odamlarga qulaylik yaratish asosiy maqsad bo‘lishi kerak. Buning uchun “aqlli texnologiyalar”ni qo‘llash, xizmatlarni arzon, sifatli, tezkor qilish zarur”, – dedi Mirziyoyev.
Turli kattalikdagi samolyotlar uchun 24 ta turargoh barpo etilmoqda. Shundan uchtasi “havo kemalari”ga muzlashga qarshi ishlov berish uchun mo‘ljallangan bo‘ladi.
Aeroportda kargo xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi. Davlat rahbari bu masalaga alohida to‘xtalib, yuk tashish raqobatbordoshligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
“Kargo barqaror va manfaatli bo‘lishi uchun doimiy yuk kerak. Buning uchun samolyotlarga xizmat ko‘rsatish, yuklarni ortish va yetkazib berishni arzon va tez yo‘lga qo‘yib, boshqa aviakompaniyalarni jalb etish zarur. Bundan tashqari, viloyatda eksportbop meva-sabzavotlarni ko‘paytirib, ularni shu kargo orqali jahon bozoriga chiqarish mumkin”, – dedi prezident.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev hududlardagi o‘zgarishlar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Samarqand viloyatiga jo‘nab ketgani xabar qilingan edi.