DSQ raisi Olmaliqda sotuvchilar bilan bo‘lgan voqea uchun uzr so‘radi

Sherzod Kudbiyev bu holat soliq xizmati uchun uyatli ekanligini ma’lum qildi va aybdorlarga chora ko‘rilishini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 15 apr — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Olmaliq shahrida soliqchilar yoyma holatda savdo qiladigan ayollarning molini tortib olib, ularni sudrab ketayotgan aks etgan videolavha tarqaldi.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev bunga munosabat bildirdi va xalqdan uzr so‘radi.
“Bu juda uyatli ish. Bu soliq idoralari xodimlari sha’niga, vazifalariga to‘g‘ri kelmaydi. Bunda o‘zlarini noo‘rin tutgan va xizmat vazifasini noo‘rin bajargan xodimlar, albatta, tegishli jazo choralari ko‘riladi. Soliq organlari kuch ishlatar idora emas, aksincha tadbirkorlarga ko‘maklashuvchi idora. Men, hurmatli fuqarolarimizdan va xalqimizdan mana shunday soliqchilar oramizda borligi uchun uzr so‘rayman”, - dedi Kudbiyev.
DQS raisi bu masalaning oxirgacha yetishini va ko‘rilgan choralar to‘g‘risida qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qildi.