Kapital bozorini rivojlantirish to‘g‘risida - prezident farmoni imzolandi

O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish, qimmatli qog‘ozlar hajmini oshirish maqsadida prezident farmoni imzolandi.
Sputnik
TOShKENT, 14 apr — Sputnik. O‘zbekiston kapital bozori hajmi 2023-yilga qadar 45 trillion so‘mga yetkaziladi. Bu haqida Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida aytib o‘tilgan.
Farmonda ko‘zlangan maqsadlar:
1.
2023 yil yakuniga qadar 45 trillion so‘mga yetkazish;
2.
Kreditga muqobil samarali moliyalashtirish mexanizmini yaratish;
3.
Qimmatli qog‘ozlar hajmini - YaIMning kamida 5 foiziga yetkazish;
Farmonda belgilangan kapital bozoriga oid asosiy yangiliklar:
Markaziy bank 2021-yil 1-noyabrga qadar “Qimmatli qog‘ozlarning markaziy depozitariysi” DK hisob raqamlari Markaziy bankka o‘tkazadi;
2023 yil 1-yanvardan boshlab mahalliy emitentlar o‘z aksiyalarini dastlab respublika fond birjasida joylashtirgandan so‘ng anderrayter tavsiyasiga ko‘ra xorijiy fond bozorlarida joylashtirishi mumkin;
ommaviy savdolar orqali aksiyalarni IPO yoki SPO usulida joylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi.
Ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalarining birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifini quyidagi shartlarda o‘tkazish belgilansin:
IPO yoki SPO yo‘li bilan sotiladigan aksiyalarni xarid qilish uchun arizalarni to‘plash ushbu IPO yoki SPOni o‘tkazish shartnomasi tuzilgan anderrayter yoki anderrayterlar guruhi tomonidangina amalga oshiriladi;
anderrayter aksiyadorlik jamiyatini dastlabki o‘rganish natijalari asosida aksiyalar xaridi bo‘yicha arizalarni to‘plash uchun narx chegaralarini belgilaydi;
IPO va SPO yo‘li bilan aksiyalarni taqsimlash aksiyalarga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqqan holda, anderrayter tomonidan aniqlanadigan yagona narx asosida amalga oshiriladi;
anderrayterga aksiyadorlik jamiyati bilan tuzilgan shartnoma asosida aksiyalar taqsimlanadigan investorlarni tanlash, shuningdek, investorlarga IPO va SPO doirasida xarid qilingan aksiyalarni sotish taqiqlanadigan muddatni belgilash huquqi beriladi.
Farmon ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A Ishmetov belgilansin.