TOShKENT, 13 apr — Sputnik. Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida bir qizni uylanish uchun o‘g‘irlab ketgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Tergov departamenti xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 12-mart kuni qozoq millatiga mansub bo‘lgan fuqaro 27 yoshli M.Q. tanishi 21 yoshli U.M.ni erkiga xilof ravishda nikohdan o‘tish uchun o‘g‘rilab ketgan. Qizni uyiga olib kelib, u bilan nikohdan o‘tishga majburlagan.
Biroq qiz qarshilik ko‘rsatib, qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Keyin yigitning ustidan IIBga ariza bilan shikoyat qilgan.
M.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 136-moddasi 1-qismi (Ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov departamenti bu turdagi jinoyatlar uchun qonunda 3-yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilganini eslatgan.