TOShKENT, 13 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bandligi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar masalasida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun qator hokimlar ishdan bo‘shatildi.
O‘zAning yozishicha, yig‘ilishda Surxondaryo viloyatida yoshlar bandligini ta’minlash 30 foizni (15 ming 500 nafar) tashkil etishi, bu respublikadagi eng past ko‘rsatkich ekani qayd etildi.
Shuningdek, Xo‘jaylida atigi 16 nafar (2 ming nafar yoshlar ishsiz), Furqat tumanida 27 nafar (2,1 ming nafar), Ulug‘norda 78 nafar (3,7 ming nafar), Angorda 82 nafar (3,4 ming nafar) ishsiz yoshlar “1+1” loyihasi bilan qamrab olingan.
Yoshlar bilan yetarli ish olib borilmagani oqibatida, Surxondaryo viloyatida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik oshgan. Bu boradagi ahvol Shofirkon, Qamashi, Xiva va Chust tumanlarida ham qoniqarsiz.
Yig‘ilishda yoshlar bilan ishlashni lozim darajada tashkil etmagani uchun
Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Begimqulov, Furqat tumani hokimi Soliyev va Ulug‘nor tumani hokimi Maxsudov;
yoshlar jinoyatchiligining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rmagani uchun Shofirkon va Qamashi tumanlari prokurorlari, Xiva va Chust tumanlari ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari;
yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun, Xo‘jayli va Angor tumani soliq idoralari rahbarlari lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, savdo-sanoat palatasi raisiga tadbirkor yoshlar bilan ishlashni tizimli tashkil etmagan palataning Buxoro va Surxondaryo viloyatlari rahbarlarini lavozimidan bo‘shatish bo‘yicha topshiriq berildi.
“Har bir ishdan ketgan odam ishlagan davrida olgan oyligini davlatga qaytaradi. Rahbarlarning yoshlar masalasida e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yishiga haqqi yo‘q, - dedi Mirziyoyev.