"Madaniy shok": BP madaniyat vazirligi mansabdorlarini yirik talonchilikda gumonlanmoqda

Madaniyat vazirligi huzuridagi "Yagona buyurtmachi xizmati" IK mansabdor shaxslari til biriktirib, qariyb 800 million so‘mni talon-taroj qilganlikda gumonlanmoqda
Sputnik
TOShKENT, 13 apr – Sputnik. Madaniyat vazirligi mansabdorlari musiqa asboblarini haqiqiy bozor bahosidan qimmatga sotib olib, budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan davlat xaridlarida narxlarni oshirib yuborish holatlari yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ma’lum bo‘ldi.
Xabarda aytilishicha, Madaniyat vazirligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslari va boshqalar musiqa asboblarini sotib olish bo‘yicha tender tanlov o‘tkazilgan.
Tenderda 3,3 mlrd so‘mga yetkazib berish taklifi mavjud bo‘lsa-da, mansabdorlar til biriktirib, muqobil qimmatroq variantni ko‘rsatgan tadbirkorlik subyektini tanlov g‘olibi sifatida ko‘rsatib, natijada musiqiy asboblarni bozor bahosidan 792,2 mln so‘mga qimmat narxda sotib olib, budjet mablag‘larini talon-toroj qilishgan.
Bekobodda mansabdorlar “Yoshlar–kelajagimiz” dasturining 301 mln so‘mini talon-taroj qildi
Mazkur holat yuzasidan kompaniya mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
"Daryo" nashri xabariga ko‘ra, Madaniyat vazirligi mansabdorlari talon-tarojga yo‘l qo‘ygan birinchi holat emas. Xususan, 2020-yilning noyabr oyida Bosh prokuraturada tashkil etilgan korrupsiya masalalariga oid idoralararo yig‘ilishda Madaniyat vazirligidagi jinoiy sxema fosh qilingan. Unda grim uchun ajratilgan mablag‘ga "O‘rikzor"dan arzon kosmetika sotib olinib, budjetdan 2,3 milliard so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan.
Mirziyoyev: endi budjet mablag‘i talon-toroj bo‘lsa, prokurorlar ham javobgar bo‘ladi
Shuningdek, vazirlik ishlar boshqarmasi boshlig‘i teatr va musiqiy maktablarga aslida yetkazib berilmagan mebel va musiqa anjomlari yetkazib berilgani haqida soxta hujjatlar tuzib, 1,7 milliard so‘mni o‘ziga tanish firmalarga o‘tkazib, talon-toroj qilgan. Bundan tashqari, 13,5 milliard so‘mlik mebel va jihozlarni tanishlaridan 20,2 milliard so‘mga olish yo‘li bilan 6,7 milliard so‘m ham talon-toroj qilingan. Bu jinoiy sxema bilan 12 milliard so‘m budjet mablag‘i o‘marilgan.
Moliya vazirligi tomonidan tuzilgan O‘zbekistonda 2020-yilda eng ko‘p moliyaviy qonunbuzilish holatlari kuzatilgan vazirliklar ro‘yxatida Madaniyat vazirligida 6,8 milliard so‘m moliyaviy qonunbuzilish holatlari bilan beshinchi o‘rinni egallagan.