TOShKENT, 13 apr — Sputnik. O‘ta yuqumli tuproq qo‘ziqorinlari tufayli insoniyat bananlarsiz qolishi mumkin, deb yozadi Die Welt.
Tropical Race 4 (TR4) deb nomlangan kasallik XX asrda Osiyo va Avstraliyada keng tarqalishni boshladi, ammo 2019-yilda u dunyodagi bananlarning asosiy yetkazib beruvchisi - Janubiy Amerikada ilk bor aniqlandi.
AMI marketing kompaniyasi mevalar bo‘yicha mutaxassisi Ursula Shokemelening so‘zlariga ko‘ra, Kolumbiya va Gondurasda birinchi plantatsiyalar yopildi. Kimoviy moddalar kasallikka ta’sir qilmayapti, ifloslangan tuproqlardan kamida 30-40 yil davomida foydalanilmaydi.
Ta’kidlanishicha, TR4 asosan Cavendish naviga (uning eksporti jahon savdosining 95 foizini tashkil qiladi ) zarar yetkazadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dehqonning oyoq kiyimi tagidagi ifloslangan tuproqning kichik zarrachasi ham yuqumli kasallik tarqalishiga olib kelishi mumkin.
Olimlarning fikriga ko‘ra, tabiatda Cavendish kabi serhosil banan navi yo‘q. Bundan tashqari, Osiyo, Afrika va Amerikaning ko‘plab davlatlarida bu meva kunlik ratsionda kartoshka va guruch kabi muhim ahamiyatga ega.
"Agar dunyo aholisi 7 milliarddan oshganligini hisobga olsak, banan yetishtirish hajmi oshishining asosiy sababi - rivojlanayotgan mamlakatlar aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga talab o‘sib bormoqda", - deyishdi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotida.