TOShKENT, 13 apr — Sputnik. Buxoro shahridagi Alpomish ko‘chasi viloyatning sobiq hokimi O‘ktam Barnoyev nomi bilan qayta nomlandi. Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashining o‘ttiz sakkizinchi sessiyasida bu taklifni deputatlar bir ovozdan ma’qullagan.
“Xalq so‘zi” nashri xabariga ko‘ra, shaharning G‘ijduvon ko‘chasini Karim Kamolov nomi bilan atash to‘g‘risidagi taklif ham qo‘llab-quvvatlangan.
O‘ktam Barnoyev 2016-yil dekabridan 2020-yil 28-fevraligacha Buxoro viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritgan. 2020-yil fevral oyi oxirida bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlangan edi. Shuningdek, u iyul oyida O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasiga rais etib saylangan edi.
Kamolov 2017-yildan 2020-yilning fevraliga qadar Buxoro shahri hokimi sifatida ishlagan, fevral oyidan esa Bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan O‘ktam Barnoyev o‘rniga Buxoro hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi. Viloyatning har ikki hokimi ham o‘tgan yili koronavirus qurboniga aylangan edi.