TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Toshkent metrosida poyezd ochiq eshik bilan harakatlangani ortidan uch xodim ishdan olindi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” UK tekshiruv yakunlariga ko‘ra ma’lum qildi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor yo‘nalishining “Pushkin” bekatidan “Buyuk ipak yo‘li” bekatiga yo‘lga chiqqan tarkib vagonlaridan bittasining eshigi ochiq holda harakatlanayotgani aks video tarqalgan edi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, xizmat majburiyatlarini munosib ravishda bajarmagani uchun harakat tarkibi mashinisti, elektr-chilangari va katta ustasi egallab turgan lavozimlaridan ozod qilingan.
Bundan tashqari, elektr bazasi boshlig‘ining elektr harakatlanuvchi tarkibini ta’mirlash bo‘yicha o‘rinbosari ish haqining 40 foizi miqdorida jarimaga tortilgan.