TOShKENT, 9 apr — Sputnik. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining 2021-yilgi zakot, fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha qarori qabul qilindi.
Bu yilgi zakot nisobi yigirma yetti million ikki yuz ming so‘m deb belgilandi.
Shunga ko‘ra, zarur ehtiyojdan tashqari bir yil davomida 27 200 000 so‘m va undan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan musulmon kishi jami mablag‘ining qirqdan biri (1/40)ni hisoblab, uni zakot niyatida kambag‘al va faqirlarga beradi.
Fitr sadaqasining miqdori bug‘doydan yarim so’ (2 kg.), arpadan bir so’ (4 kg.), mayizdan yarim so’ (2 kg.) va xurmodan bir so’ (4 kg.)dir.
Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning Toshkent shahar bozorlaridagi narxlari o‘rganilganda 1 kg bug‘doy o‘rtacha 5 ming so‘m, 1 kg arpa o‘rtacha 3,5 ming so‘m, 1 kg mayiz o‘rtacha 40 ming so‘m va 1 kg xurmo o‘rtacha 35 ming so‘m ekani ma’lum bo‘ldi.
Fitr sadaqasining miqdori:
bug‘doydan 2 kg 10 000 (o‘n ming) so‘m;
arpadan 4 kg 14 000 (o‘n to‘rt ming) so‘m;
mayizdan 2 kg 80 000 (sakson ming) so‘m;
xurmodan 4 kg 140 000 (bir yuz qirq ming) so‘m deb belgilandi.
Fidya miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati qiymatida bo‘lib, bugungi kunda bu o‘rtacha 25 000 (yigirma besh ming) so‘mga to‘g‘ri kelganidan, bu yilgi fidya miqdori bir kun uchun 25 000 (yigirma besh ming) so‘m, bir oyga 750 000 (yetti yuz ellik ming) so‘m deb belgilandi.