Vaksina olishdan avval qanday tayyorgarlik ko‘rish va nimalarga e’tibor berish kerak

Virusologiya ilmiy-tekshirish institutining yuqumli kasalliklar shifokori Sohiba Utegenova emlanishga oid batafsil ma’lumot berdi.
Sputnik
TOShKENT, 7 apr — Sputnik. O‘zbekistonda 1-apreldan aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash boshlandi.
SSV virusologiya ilmiy-tekshirish institutining yuqumli kasalliklar shifokori Sohiba Utegenova vaksina olishdan avval qanday tayyorgarlik ko‘rish va nimalarga e’tibor berish to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Emlashning birinchi kuni: nega fuqarolarga emlangandan so‘ng darhol javob berilmayapti
Uning ta’kidlashicha, har bir shifokor emlanishga kelgan fuqaroni to‘liq tekshiruvdan o‘tkazishi lozim. Jumladan, qon bosimi, tana harorati, puls saturatsiyasi haqida ma’lumotga ega bo‘lishlari lozim. Qolaversa, homiladorlik ehtimoli mavjud bo‘lgan 18-45 yoshdagi ayollarga vaksinadan oldin homiladorlikni test orqali aniqlash ham tavsiya etiladi.
Bundan tashqari, emlanishdan oldin shifokorga qabul qilayotgan dorilari haqida aytish kerak. Vaksina olish kunidan 72 soat oralig‘ida tana harorati ko‘tarilgan insonlarga vaksina olishlariga ruxsat etilmaydi.
Hozirda ommaviy vaksinatsiya 65 yoshdan yuqori aholi o‘rtasida amalga oshirilmoqda. Katta yoshdagi insonlarda yondosh kasalliklarining kechishi kuzatiladi. Biroq vaksina olishga kelgan fuqaroning o‘sha kuni qon bosimi meyorda bo‘lishi kerak. Xuddi shunday qandli diabet bilan qiynalayotgan insonlarning ham vaksina olinadigan kuni qand miqdori normal holatda bo‘lishi talab etiladi.
Trombotsitopeniya, ya’ni qon ivishiga aloqador kasalligi mavjud bo‘lgan yoki antikoagulyant qabul qilayotgan bemorlar, qolaversa, autoimmun yoki immun tanqisligi bilan kasallangan, taloq organida muammolari borlar, buyrak jarrohligini boshdan o‘tkazganlar, so‘nggi 6 oy ichida jarohatlanganlarga ham vaksina olish mumkin emas.
Sohiba Utegenova
SSV virusologiya ilmiy-tekshirish institutining yuqumli kasalliklar shifokori
Utegenova immunomodulyatorlar, glukokortikozoidlarning immunosupressiv dozasini, monoklonal antitanalar, timozin, interferon qabul qilayotganlarga ham vaksina olishlari taqiqlanishini qo‘shimcha qilgan.
Mahalliy dori qabul qilayotganlar (mazlar, ko‘z tomizgichlar, burun sprey va ingalyatorlar) bundan mustasno.
Shuningdek, allergik ta’sirga moyil insonlar bor. COVID-19ga qarshi vaksinaning komponentlariga yuqori sezgirligi bo‘lgan shaxslarga vaksinadan foydalanish tavsiya etilmaydi. O‘tkir yuqumli va yuqumsiz kasalliklar bilan kasallanganlarni ham vaksina qabul qilmaydiganlar safiga kiritish mumkin.
Emlashdan so‘ng sauna, hammom qabul qilish va inyeksiya sohasiga muolajalar o‘tkazish taqiqlanadi.
Vaksina olgan fuqaro emlashdan so‘ng dastlabki 30 daqiqa davomida shifokor kuzatuvida bo‘ladi. Keyin 3 kun davomida shifokor va patronaj hamshira kuzatuvida bo‘ladi, deya xulosa qildi mutaxassis.
O‘zbekistonda 1-6 aprel kunlari davomida koronavirus qarshi 49 602 kishi emlangan.