TOShKENT, 7 apr — Sputnik. Toshkent metropoliteni uchun Rossiyadan o‘nta metro poyezdini sotib olish respublikaga 52,85 million yevroga tushadi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar qilmoqda.
“Toshkent metropoliteni” UK “Innoprom” doirasida Rossiyaning “Metrovagonmash” AJ bilan o‘nta metro poyezdni (40 ta vagon) xarid qilish to‘g‘risida shartnoma imzolagan.
Shartnoma qiymati - 52,85 mln yevro. Xarid “Rivojlanish va tashqi iqtisodiy ishlar banki” davlat korporatsiyasi (30,40 mln yevro) va Rossiyaning eksport-import banki (22,40 mln yevro) kreditlari hisobidan amalga oshiriladi.
“Loyiha doirasida jalb qilingan kreditlarni qaytarish, shuningdek, ular bo‘yicha foizlar, komissiyalar va boshqa xarajatlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi”, - deyilgan xabarda.
Dastlabki 5 ta metro poyezdlari (4-vagonli) mamlkatga shu yilning yoz oyida olib kelinadi. Qolganlarini 2021-yil oxirigacha olib kelish rejalashtirilgan.