O‘zbekiston va Qirg‘iziston 550 mln dollardan ziyod 60 ta loyihani amalga oshiradi

O‘zbkiston va Qirg‘iziston “Yo‘l xaritasi”ni qabul qildi. Unda 550 mln dollardan ortiq bo‘lgan 60 ta qo‘shma loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Sputnik
TOShKENT, 7 apr — Sputnik. O‘zbekiston va Qirg‘iziston sanoat kooperatsiyasi sohasida 550 mln dollardan ortiq bo‘lgan 60 ta qo‘shma loyihani amalga oshiradi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakovning Qirg‘iziston energetika va sanoat vaziri Kubanchibek Turdubayev bilan uchrashuvida ma’lum bo‘ldi.
“Innoprom” ko‘rgazmasida doirasida bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuvda tomonlar sanoat kooperatsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilgan. Unda 550 mln dollardan ortiq bo‘lgan 60 ta qo‘shma loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, “Yo‘l xaritasi”ni yangi sanoat loyihalari bilan to‘ldirish uchun birgalikda ish olib borish maqsadida yaqin hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston Qirg‘izistonda tikuvchilik fabrikasini ochadi
Energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sohaga oid bir qator masalalar muhokama qilindi, ularning hal etilishi bu boradagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish imkonini beradi.
Qayd etish joizki, mavjud ikki tomonlama kelishuvlarga ko‘ra, bu yil davomida o‘zbek-qirg‘iz savdo hajmini 1 mlrd dollarga, keyingi bir necha yil davomida esa 2 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Shu nuqtayi nazardan, tomonlar yetkazib berish tizimini tashkil etish hamda O‘zbekiston va Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni istiqbolli bozorlarga olib chiqish bo‘yicha ulgurji-taqsimot va logistika markazlarini rivojlantirishni jadallashtirishga kelishib oldi.