TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) Tokioda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etmaydi. Bu haqda RIA Novosti “Sports in DRP Korea” portaliga tayangan holda yozmoqda.
Xabarda yozilishicha, mamlakat Olimpiya qo‘mitasi yig‘ilishida Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida koronavirus pandemiyasi sabab ishtirok etmaslik to‘g‘risida qaror qilingan.
“... Sportchilarni xavfli virus (koronavirus — tahr.) sabab kelib chiqqan global sog‘liqni saqlash inqirozidan himoya qilish maqsadida XXXII-Olimpiya o‘yinlarida qatnashmaslikka qaror qilindi”, - deyilgan xabarda.
Koronavirus pandemiyasi sabab Tokio Olimpiadasi 2020-yildan 2021-yilga qoldirilgan edi. Bu yilgi o‘yinlar 23-iyuldan 8-avgustga qadar bo‘lib o‘tadi. Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi COVID-19 tarqalishi xavfi sabab Yaponiyada o‘yinlarni xorijlik tomoshabinlarsiz o‘tkazishga qaror qilgan.