TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Rossiya O‘zbekistonga gaz-transport tizimini yangilashga 619 million dollargacha kredit taqdim etishi mumkin. Bu haqda “VEB.RF” Davlat taraqqiyot korporatsiyasi xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, Eksport kreditlari va investitsiyalarini sug‘urta qilish bo‘yicha Rossiya agentligi (EKSAR), Gazprombank, O‘zbekiston Moliya vazirligi va “O‘ztransgaz” Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Innoprom” doirasida respublikadagi gaz-transport tizimini modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishgan.
“Tomonlar 618 million dollargacha sinditsiyalashtirilgan kreditni (bir necha banklar tomonidan yirik investitsiya loyihalarini birgalikda kreditlash – tahr.) tashkillashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqishmoqda. Bitimda ham Rossiya, ham O‘zbekiston moliya institutlari ishtirok etadi”, - deyilgan Sputnik nashriga taqdim etilgan xabarda.
VEB.RF raisi o‘rinbosari, boshqaruv a’zosi Daniil Algulyan VEB.RF Rossiya mahsulotlarining O‘zbekiston neft-gaz sektorida savdosi rivojlanishi uchun sharoit yaratishini ma’lum qildi. Sinditsiyalashtirilgan kreditning kamida 50 foizi Rossiya eksport mahsulotlari va xizmatlarining yetkazib berish to‘lovi uchun ishlatiladi.