TOShKENT, 4 apr — Sputnik. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasidagi qishloqlar ro‘yxati quyidagi mezonlar asosida shakllantiriladi: olis va iqlimi og‘ir hududdaligi; Xalq qabulxonalari va hokimliklarga yo‘l, kommunikatsiya tarmog‘i va ijtimoiy soha bo‘yicha yo‘llangan murojaatlar soni;aholi va tadbirkorlarda o‘z hududini obodonlashtirish tashabbusining mavjudligi; “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i”, “Turizm ovuli” maqomiga ega ekanligi.
Qarorga ko‘ra, 2021-yilda jami 7 794 ta qishloq va mahallada 20,8 trln so‘mlik qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi parametrlar tasdiqlandi.
Dasturlar doirasida, jumladan:
10 114,4 km ichki yo‘llar quriladi va ta’mirlanadi;
765 km piyoda yo‘laklari quriladi;
615 ta bog‘cha, 1 030 ta maktab, 376 ta tibbiyot muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
710 ta mahalla binosi, 114 ta mahalla guzari, 27 ta madaniyat markazlari quriladi va ta’mirlanadi;
345 ta avtobekatlar qurilib, ta’mirlanadi, 104 ta yangi jamoat transporti yo‘nalishlari tashkil etiladi;
1 867 ta sport maydonchasi, 490 ta bolalar maydonchasi, 43,5 km uzunlikdagi velosiped yo‘laklari barpo etiladi;
45 376 ta yakka tartibdagi uy-joylar, 1 323 ta ko‘p kvartirali uy-joylar ta’mirlanadi, shuningdek 6 500 ta yakka tartibdagi uy-joylar quriladi.