TOShKENT, 3 apr — Sputnik. Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida yirik miqdordagi soxta dollarlarni qariyb yarim narxida sotayotgan fuqarolar ichki ishlar xodimlari va DXX tomonidan qo‘lga olindi.
Fuqarolar viloyat IIB JQB va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-tadbirda qo‘lga olingan.
Tergovga qadar tekshiruvda 42 yoshli Kozim, 36 yoshli Shavkatbek va 48 yoshli Abduvoxid 24 850 AQSh dollar qiymatiga teng soxta pullarni shartli ravishda mijoz sifatida jalb qilingan fuqaroga Qo‘qon shahridagi choyxonalarning birida 10 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Olib borilgan tergov harakatlari davomida, ushbu fuqarolar soxta valyutani pullarni poligrafik usulda nusxa ko‘chirib ko‘paytiruvchi rangli printer yordamida tayyorlaganliklari aniqlangan.
Qo‘qon shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan 24 850 AQSh dollarini sotayotgan fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi 3-qismi “a” bandi (Qalbaki pullar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.