TOShKENT, 30 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban tor doirada muzokaralar o‘tkazdi.
O‘zbekiston yetakchisi Viktor Orbanning tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarda yangi davrni boshlab berishini ta’kidladi.
Orban Vengriya O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muzokarada siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston – Vengriya munosabatlarini o‘zaro ishonch va keng doiradagi umumiy manfaatlarga asoslangan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga tayyor ekanligini tasdiqladi.
Uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli yangi sohalarni ishga solish, ishbilarmon doiralar va hududlar o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.
Tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha qarashlar va yondashuvlar umumiy ekani tasdiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, 29-mart kuni Vengriya bosh vaziri Viktor Orban rasmiy tashrif bilan O‘zbekiston keldi. Tashrif doirasida O‘zbekiston-Vengriya ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.