TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Shahrux Sharahmetov Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Tegishli qarorga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzo chekdi.
Tayinlovga qadar u sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari vazifasini bajarib kelayotgan edi.
Sharahmetov 1977-yilda tug‘ilgan. 1998-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 1999-yilda esa Buyuk Britaniyaning Ekseter universitetini iqtisod, moliya va investitsiyalar mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
O‘z faoliyatini Davlat mulki qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi yetakchi mutaxassisi vazifasidan boshlagan Sh.Sharaxmetov turli yillarda Iqtisodiyot vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi kabi nufuzli tashkilotlarda mas’ul lavozimlarda mehnat qildi.
U sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari etib tayinlanishidan avval Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.
Avvalroq Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan Najmiddinxodja Sharipov Toshkent viloyati hokimining investitsiya va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.