Emlash birinchi bo‘lib qaysi hududlarda boshlanadi

Aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash “AstraZeneca” va ZF-UZ-VAC2001 vaksinalari bilan bir paytning o‘zida boshlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 30 mar — Sputnik. O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlash 1-apreldan boshlanadi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov emlash ishlari birinchi bo‘lib qaysi hududlarda boshlanishiga aniqlik kiritdi.
Mamlakatga COVAX dasturi orqali 660 ming doza “AstraZeneca” vaksinasi olib kelingan. Bundan tashqari, 27-mart kuni 1 million dozada ZF-UZ-VAC2001 o‘zbek-xitoy vaksinasi keltirildi. Aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash ikkala turdagi vaksina bilan bir paytning o‘zida boshlanadi.
Otabekovning so‘zlariga qaraganda, aprel oyida birinchi galda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari, Toshkent shahri va boshqa katta shaharlarda ommaviy emlash o‘tkaziladi. May oyida tuman markazlari va kichik shaharlar aholisi emlanadi. Iyun oyida esa boshqa hududlar ommaviy emlash bilan qamrab olinadi.
O‘zbekistonda birinchi galda kimlar emlanadi
“Mabodo may-iyun oylarida emlanishi rejalashtirilgan xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamida koronavirusga qarshi ertaroq emlanishga hohish paydo bo‘lsa, u holda ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari, Toshkent shahri va boshqa katta shaharlarda joylashgan emlash punktlariga murojaat qilishlari va belgilangan kunda kelib emlanishlari mumkin bo‘ladi”, - deya xulosa qildi Otabekov.