TOShKENT, 29 mar - Sputnik. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban 29-mart kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi, deb xabar qilmoqda UzA.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon va uning rafiqasini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi. Yuqori martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.
Qisqa suhbatdan so‘ng Vengriya delegatsiyasi poytaxtimizdagi Mustaqillik maydoniga yo‘l oldi.
Mustaqillik maydonida mehmon Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Viktor Orbanga Mustaqillik maydonining mazmuni va bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida so‘zlab berildi.
Shundan so‘ng Vengriya delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.