TOShKENT, 29 mar - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbarining yangi o‘rinbosari, prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov OAV vakillari bilan yangicha formatda hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.
Asadov bugun jurnalistlar uchun birinchi brifingini o‘tkazdi.
Brifingda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirok etadigan bo‘lajak xalqaro tadbirlar — Vengriya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi va Turkiy kengashning norasmiy sammiti haqida ma’lumot berildi.
Asadov o‘z chiqishi davomida jurnalistlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tarafdori ekanligini ma’lum qildi.
"Tez-tez uchrashamiz. Uchrashuvlarimiz video-anjumanlar shaklida ham bo‘ladi. Sizlar bilan sermahsul hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan umidvorman", - deya qayd etdi prezident matbuot kotibi.
Sherzod Asadov 24-mart kuni prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari — prezident matbuot kotibi etib tayinlangan edi.
Bunga qadar Sherzod Asadov tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Oldinroq u mamlakatning Avstriyadagi elchisi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va Vena shahridagi boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakil bo‘lib ishlagan.