Fuqarolarni ishlash uchun Germaniya va Niderlandiyaga yuborish masalasi muhokama qilindi

Germaniya va Niderlandiyada joylashgan korxonalariga O‘zbekiston fuqarolarini qurilish sohasi bo‘yicha ishga yollash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 29 mar — Sputnik. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Germaniyaning “Lumidea Engineering” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhitdinov, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining birinchi o‘rinbosari X.Umarov, “Lumidea Engineering” kompaniyasi rahbari Eshref Ozshaxin va mazkur kompaniyaning O‘zbekistondagi vakili Kurban Beregin va boshqa mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Vengriya bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi: muzokaralardan kutilayotgan natijalar
Uchrashuvda Germaniya va Niderlandiya bilan tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik masalalari, O‘zbekiston fuqarolarini ushbu davlatlarga ishga jalb qilish tartibi, “Lumidea Engineering” kompaniyasida yaratilgan shart-sharoitlar muhokama qilindi.
Eshref Ozshaxin “Lumidea Engineering” kompaniyasining Germaniya va Niderlandiyada joylashgan korxonalariga 100 nafargacha O‘zbekiston fuqarolarini qurilish sohasi bo‘yicha ishga yollash ko‘rib chiqilayotganini ta’kidladi.
Qurilish sohasida ishga yollangan O‘zbekiston fuqarolarining o‘rtacha oylik maoshi, ishga ketish uchun aviachiptalar, mehnat shartnomasi tuzish, uy-joy va sog‘liqni saqlash sug‘urtasi bilan ta’minlanishi haqida ma’lumot berildi.