Xalq ta’limi vaziri ota-onalarga murojaat qildi

Vazir ota-onalar farzandini an’anaviy yoki uydan masofaviy ta’lim olishi bo‘yicha o‘zlari qaror qabul qilishlari mumkinligini qayd etgan.
Sputnik
TOShKENT, 28 mar — Sputnik. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘quvchilarga qulaylik yaratish maqsadida joriy o‘quv yilida gibrid ta’lim tizimi joriy etilganini eslatdi.
Ya’ni farzandini maktabga yuborib an’anaviy ta’lim olishi yoki uydan bepul televizion “Onlayn maktab” kanallari orqali masofaviy ta’lim olishi bo‘yicha qarorni ota-onalarning o‘zi qabul qiladi.
Sherzod Shermatov
Xalq ta’limi vaziri
Shermatov epidemiologik holat og‘irlashgan hududlarda, mahalliy hokimlik organlariga karantin talablarini kuchaytirish choralarini ko‘rish vakolati berilganini ta’kidlagan.
Shuni inobatga olib, hududiy hokimliklar ba’zi tumanlardagi maktablarni to‘liq masofaviy ta’lim shakliga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkin. O‘z navbatida, maktablarning ma’muriyatiga sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Toshkentda COVID-19 keng tarqalishi sabablari sanab o‘tildi
“Pandemiya nafaqat dunyo iqtisodiyoti va ta’lim tizimiga, balki insonlarning asabiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Shunday ekan, qadrli ota-onalar, joylarda maktab jamoasi bilan o‘zaro hurmatni saqlagan holda, faqat birgalikda ushbu vaziyatdan chiqib ketishimiz mumkinligini tushunishingizni so‘raymiz”, - deya xulosa qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, 29-mart kunidan maktablarda 4-chorak darslari boshlanadi. Bir necha kundan buyon mamlakatda koronavirus bilan kasallananish holatlari ko‘payayotgani kuzatilmoqda. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytda kasallanayotganlarning 20 foizdan ziyodini bolalar tashkil etmoqda. Shuningdek, u bolalarda aniqlanayotgan kasallikda britancha shtammning ishtiroki borligini inkor qilmagan.