O‘zbekiston va Tojikiston sayyohlar uchun “yashil yo‘lak” ochmoqchi

O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun yashil yo‘lak ochish taklif qilinmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 28 mar — Sputnik. Dushanbeda Toshkent shahar turizmni rivojlantirish departamenti direktori Sanjar Tadjiyev Tojikiston turizm sektori vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Tojikiston hukumati huzuridagi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasining rahbari Farruxro‘z Izatuloyev va bir qator sayyohlik kompaniyalari mutasaddilari ishtirok etdi.
Toshkent shahar hokimligi xabariga ko‘ra, o‘zaro muloqot davomida poytaxtlar o‘rtasida turizm aloqalarini rivojlantirish va bu borada bir necha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida fikr almashildi.
“Xususan, COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq xatarlarning kamayishini hisobga olgan holda, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun yashil yo‘lakni ochish, ikki davlat o‘rtasida qatnovchi avtobuslar uchun chegaradan o‘tishni soddalashtirish masalasidagi takliflar bildirildi”, - deyilgan xabarda.
Tojikiston O‘zbekistonning yer usti metrosini qurish tajribasiga qiziqmoqda
Uchrashuvda Toshkent Dushanbe shahridagi sayyohlik agentliklari ishtirokida videokonferensiya o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Dushanbega safar qilib, shahar raisi Rustam Emomali bilan uchrashgan edi.