TOShKENT, 27 mar — Sputnik. O‘zbekistonga xitoy-o‘zbek hammuallifligidagi vaksinaning bir million dozasi olib kelindi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.
ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan yaratilgan, Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan hamda o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda klinik tadqiqotlari olib borilgan koronavirusga qarshi yangi rekombinant vaksinadir.
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti olimlari Xitoyning ZF2001 vaksinasi ustidagi tadqiqotlarni keng ko‘lamda o‘tkazilishiga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Amalga oshirilgan ishlar natijasida xitoylik hamkorlar O‘zbekistonni mazkur vaksina hammuallifi deb e’lon qildi va vaksinaga ZF-UZ-VAC2001 deb nom berildi.
Bu bilan ushbu yirik tadqiqotda O‘zbekiston ilm-fan namoyandalari va tibbiyot xodimlarining o‘rni alohida e’tirof etildi.
Xitoy-O‘zbekiston hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini yaratishda koronavirus tashqi oqsili biotexnologik usul bilan sintezlanib olingan bo‘lib, organizmga yuborilganda oqsilga nisbatan immun javob hosil bo‘ladi. Bunday vaksinalar boshqa turdagi vaksinalar bilan solishtirganda, eng yuqori xavfsizlik profiliga ega hisoblanadi.
Bugunga kunga qadar ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining III-faza sinovlarida yetti mingga yaqin kishi emlangan bo‘lsa, ularning har biridagi o‘zgarishlar to‘la nazorat qilib borilmoqda. Olib borilayotgan mazkur tadqiqotlar davomida emlangan ko‘ngillilar organizmida vaksinaning jiddiy nojo‘ya ta’sirlari qayd etilmadi. Mazkur vaksina O‘zbekiston hududida III-faza sinov tadqiqotlari o‘tkazilgan yagona vaksinaligi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadqiqochilar koronavirusning "britancha shtammi" va boshqa shtammlaridan ham mazkur vaksina yordamida himoyalanish mumkinligini qayd etmoqdalar. Negaki ZF-UZ-VAC2001 vaksina biotexnologiya usulida yaratilgan bo‘lib, bunda virusning tojlari, ya’ni bo‘lakchalari kesib olinadi va ular laboratoriya sharoitida ko‘paytiriladi. Aynan koronavirusda kuzatiladigan "shoxchalar"ga nisbatan antitanachalar hosil qilgani bois "britancha shtamm" va boshqa koronavirusning boshqa turlarini ham organizmga ta’sirini susaytiradi.