O‘zbekistonlik qilichboz Tokio Olimpiadasi litsenziyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lga kiritdi

Malika Hakimova Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziyani qo‘lga kiritdi/
Sputnik
TOShKENT, 25 mar — Sputnik. Qilichbozlikning shpaga yo‘nalishida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Malika Hakimova to‘g‘ridan-to‘g‘ri Tokio Olimpiasida litsenziyasiga ega chiqdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Malika Hakimova Jahon kubogi hamda Osiyo kubogida muntazam ravishda ishtirok etib, jahon chempionati saralash musobaqasi yakuniy natijalariga ko‘ra shu sharafga muyassar bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, Malika Hakimova 2021-yil 21-24 mart kunlari Qozon (Rossiya) shahrida bo‘lib o‘tgan yakuniy saralash chempionatida qilichbozlikning shpaga turida ishtirok etgan va o‘z shaxsiy hisobiga qimmatli ochkolar yig‘ishga erishgan.
Natijada Tokiodagi Olimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziya qo‘lga kiritish uchun FIE tomonidan ruxsat etilgan jahon reytingidagi ballar yig‘indisi unga yetarli bo‘lgan.
“Quvonarli jihati, ayollar o‘rtasida Olimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lga kiritilgan qilichbozlarimizning ushbu birinchi litsenziyasi qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston tarixida ilk bor qayd etildi”, - deyilgan xabarda.
Sambo bo‘yicha Jahon chempionati Moskvadan Toshkentga ko‘chirildi
Malika Hakimova Navoiy shahridagi "So‘g‘diyona" sport kompleksida 10 yoshidan qilichbozlik bilan shug‘ullana boshlagan. Uning birinchi va hozirgi murabbiyi Kudayev Ruslan. 2012-yilda Malika Respublika Olimpiya zaxiralari kollejiga o‘qishga qabul qilindi.
2013 yilda M.Hakimova kadetlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati shaxsiy bahslarida birinchi oltin medalini, 2015-yilda o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ikkinchi oltin medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, u Qozog‘istondagi xalqaro musobaqalarda ham oltin medal sohibi bo‘lgan.
2019 yilda xalqaro “Satellit” va I-Markaziy Osiyo chempionatida 1-o‘rinni egallagan.