TOShKENT, 25 mar — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev endi budjet mablag‘i talon-toroj bo‘lsa, mutasaddilar qatorida prokurorlar ham javobgar bo‘lishini ma’lum qildi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tuman va shahar hokimining iqtisod, qurilish va mahalla masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘z dasturlari doirasida zarur mablag‘lar va amalga oshirishi lozim bo‘lgan ishlarni aniq hisob-kitob qilib, mahalla raisi bilan birga, hududiy kengashlarda himoya qiladi.
Mahalliy kengashlar har bir mahalla kesimida ijtimoiy soha, ichimlik suvi, yo‘l-transport va infratuzilma obyektlari “manzilli dasturi”ni tasdiqlaydi. Bunda, dasturlar doirasida mahalla raislari va aholining “ijtimoiy hamkorligi”ni ham nazarda tutish zarur.
Ya’ni davlat yangi yo‘l qurib bersa, uning atrofiga daraxt ekish, qazib berilgan ariq va zovurlarni keyinchalik tozalash, qurilgan binolarning butun saqlanishini ta’minlash bo‘yicha mahalla aholisi o‘ziga majburiyat oladi.
“Umuman, viloyat, tuman va shahar hokimlari aniq bilib olsin – loyiha-smeta hujjatlarisiz qurilish ishlarini boshlash man etiladi”, - dedi prezident.
Yig‘ilishda bosh prokuror o‘rinbosari Akmalxo‘ja Mavlonov bundan buyon respublika va mahalliy budjetdan ajratilayotgan juda katta mablag‘larni manzilli, talon-toroj qilmasdan, har bir so‘m qanday samarali ishlatilishini prokuratura tizimi, tuman va shaharlar prokurorlarining yordamchilari tomonidan qanday nazorat qilinishini tushuntirib berdi.
“Meni bir savol qiynaydi: nega shuncha chora-tadbirlarga qaramay, o‘g‘riliklar, budjet mablag‘larini talon-toroj qilish kamaymayapti? Endi budjet mablag‘i talon-toroj bo‘lsa, mutasaddilar qatorida prokurorlar ham javobgar bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.