Harbiy xizmatchiga tegishli to‘lovlarni to‘lash holatlari va muddatlari belgilandi

O‘zbekiston fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.
Sputnik
TOShKENT, 25 mar — Sputnik. Prezident qarori bilan O‘zbekiston fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchini komandirning (boshliqning) ixtiyoriga o‘tkazish hamda tegishli to‘lovlarni to‘lash holatlari va muddatlari belgilandi.
Jumladan, harbiy xizmatchiga tashkiliy-shtat tadbirlari o‘tkazilishi yoki boshqa lavozimga tayinlanganligi munosabati bilan lavozimdan bo‘shatilganda – 2 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda quyidagi to‘lovlar amalga oshiriladi:
harbiy unvon maoshi, oxirgi egallab turgan asosiy lavozimi bo‘yicha lavozim maoshi, xizmat yillari uchun ustama;
maxsus moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan ustama (15 foizgacha);
bir yo‘la to‘lanadigan pul ta’minoti, qonunchilikda belgilangan tartibda oziq-ovqat payogi uchun kompensatsiya puli va turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun pul kompensatsiyasi.
Shuningdek, harbiy xizmatchi 6 oydan ko‘proq muddatga tayyorgarlik, qayta tayyorgarlik va malaka oshirish kurslariga, shu jumladan O‘zbekiston hududidan tashqariga o‘qishga yuborilganda mazkur to‘lovlar o‘qishning butun muddati davomida saqlanib qolinadi.