Yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olganlar haqida xabar berganlar rag‘batlantirilishi mumkin

2021 yil 1-sentabrdan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, undan maqsadsiz foydalanish holatlari haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish taklif qilinmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 22 mar — Sputnik. O‘zbekistonda yana bir sohada qonunbuzarlik haqida xabar bergan fuqarolarga pul mukofoti berish taklif qilinmoqda. Tegishli qonun loyihasini Adliya vazirligi jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan.
Tegishli qonun loyihasi bilan 2021-yil 1-sentabrdan boshlab foto va video orqali yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, undan maqsadsiz foydalanish, ularda noqonuniy obyektlar qurish hamda tegishli hujjatlarda belgilanganidan ortiqcha yerdan foydalanish to‘g‘risida aniqlangan holatlar haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish taklif qilinmoqda.
O‘zbekistonda poraxo‘rlarni ushlab bergan fuqarolarga pul mukofoti beriladi
Ularga huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan BHMning 10% (24 500 so‘m) miqdoridagi pul mukofoti berilishi mumkin.
Qonun loyihasi bilan 2021-yil 1-avgustdan boshlab yangi ajratilgan yer uchastkasi yoki qurilgan (qurilishi tugallanmagan) boshqa ko‘chmas mulk obyektining fasad qismida ularning egalari tomonidan QR-kod joylashtirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu maqsadda 1-avgustgacha barcha yer fondi uchastkalari, bino va inshootlar, shu jumladan yengil qurilmalar xatlovdan o‘tkazilib, davlat reyestriga QR-kod biriktiriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda fuqarolar noto‘g‘ri joyda axlat tashlanganlik, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berganliklari uchun pul mukofoti belgilangan.