“Biz Yevropa emasmiz”: Alisher Qodirov ayrim reklamalarni tanqid qildi

Sputnik
TOShKENT, 21 mar — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov reklamalarda davlat tili oyoqosti qilinayotgani va unda hayosizlik va pornografiya elementlari borligini keskin tanqid qildi.
“Biz Yevropa emasmiz. Reklamada davlat tili oyoqosti qilingani yetmagandek, hayosizlik va pornografiya elementlari ham bemalol bo‘lib qoldi. Buni normal holat sifatida qabul qilish mumkin emas!”, - deya yozgan Qodirov o‘zining telegram kanalida.
“Reklamaning mazmuni va shakli tubdan qayta ko‘rib chiqilishi kerak. “Milliy tiklanish” partiyasi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda ko‘rib chiqishni boshladi”, - deya qo‘shimcha qilgan u.
Reklama o‘zbek tilida bo‘lishi kerak - bosh vazir
O‘zbekistonda “Reklama to‘g‘risidagi” qonun 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan. shu paytgacha hujjatga bir necha marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Qonunning 6-moddasida reklamada pornografiyani tarqatish taqiqlanishi ko‘rsatilgan.