TOShKENT, 18 mar — Sputnik. Toshkent shahrida tovlamachilikka qo‘l urgan ona va qiz ushlandi. Bu haqda Tergov departamenti matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Chilonzor tumanida 46 yoshli fuqaro Sh.U. ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilgan. Arizasida 45 yoshli Z.A. qizi M.R. bilan uning o‘g‘li o‘rtasidagi sir saqlanishi lozim bo‘lgan munosabatlarni oshkor qilmasligi evaziga 480 dollar va 1 050 000 so‘mni tovlamachilik yo‘li bilan olganini bildirgan. Ayolga bu pullar kamlik qilgan va erkakdan yana 500 dollar talab qilgan.
Ayol va uning qizi bu pullarni Chilonzor metro bekati oldida olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Z.A. va M.R.larga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.