TOShKENT, 18 mar — Sputnik. “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hujjatda yozilishicha, bugungi kunga kelib ommaviy kommunikatsiyalarning rivojlanishi bilan ijtimoiy tarmoq va Internet saytlarida shaxsning shaxsiy va oilaviy siriga oid ma’lumotlar uning roziligisiz olinishi, tarqatilishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarida shaxsga doir ma’lumotlardan (fotosuratlar, ism-sharif, lavozim va hokazo) uning roziligisiz foydalanish, tarqatish holatlari ham ko‘paygan. Ko‘pchilik Internet foydalanuvchilari o‘z shaxsiy hayotiga, shaxsiga oid ma’lumotlarning tarqalishiga oid huquqbuzarlikdan jabr ko‘rib qolmoqda.
Loyihada qayd etilishicha,
“O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 1412-modda:
Shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda oshkor etish, tarqatish, egasizlantirish, o‘zgartirish, ishlab berish, qonun bilan belgilangan mulkdor va operator tomonidan shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha zarur huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko‘rmaslik, shaxsga doir ma’lumotlar o‘zgargan taqdirda, bu haqda vakolatli davlat organini xabardor etmaslik, basharti ushbu harakatlar, ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
(birinchi qism sanksiyasi) bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayan huquqdan mahrum qilish yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
(ikkinchi qism sanksiya) bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 462-modda:
Shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda oshkor etish, tarqatish, egasizlantirish, o‘zgartirish, ishlab berish, qonun bilan belgilangan mulkdor va operator tomonidan shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha zarur huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko‘rmaslik, shaxsga doir ma’lumotlar o‘zgargan taqdirda, bu haqda vakolatli davlat organini xabardor etmaslik, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga axborot texnologiyalari va (yoki) Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda ishlov berishda ushbu ma’lumotlarning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida mazkur ma’lumotlarning yig‘ilishi, tizimlashtirilishi va saqlanishiga oid talablarni bajarmaslik, —
mulkdor va (operator)ning O‘zbekiston Respublikasi hududidagi faoliyati cheklangan holda ularning O‘zbekistondagi vakolatlarini amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxs(lar)i hamda O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan mulkdor va (yoki) operatorning mansabdor shaxs (lar)iga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 70 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”.