O‘zbekiston Rossiyadan metro poyezdlarini tezroq olishni istaydi

O‘zbekiston Rossiya bilan temir yo‘l sohasida yangi elektropoyezdlar yetkazib berish, o‘quv poligoni tashkil qilish borasida hamkorlik qilishni istaydi.
Sputnik
TOShKENT, 18 mar – Sputnik. O‘zbekiston temir yo‘llari Rossiya tomonidan Toshkent metrosi uchun poyezdlar tezroq yetkazib berilishiga umid qilmoqda.
17 mart kuni Toshkentda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi v.b. X.N.Xasilov hamda “Transmashholding” AJ bosh direktor o‘rinbosari A.Y.Chebakov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi vakillari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “Toshkent metropoliteni” UK uchun poyezdlarning asosiy partiyasini yetkazib berishga alohida ahamiyat berildi. X.N.Xasilov ushbu masalani tezlashtirish muhimligini qayta ta’kidlab, bugungi kunda yo‘lovchilar tashish hajmi ortishini va poyezdlar orasidagi intervali katta bo‘layotganlgi juda dolzarb masalalardan ekanligiga to‘xtalib o‘tdi, - deyilgan xabarda.
Uchrashuvda, shuningdek, yangi elektropoyezdlar partiyasini yetkazib berish masalasi muhokama qilindi, signalizatsiya va aloqa kabi sohalarni yanada rivojlantirish, tajriba almashish maqsadida ixtisoslashtirilgan o‘quv maydonchasi (poligon)ni yaratish imkoniyati taklifi qilindi va ikki tomonlama ma’qullandi.
Ma’lumki, Rossiya kompaniyasining ishlab chiqarish korxonalari tomonidan O‘zbekiston uchun 3ES5K seriyali magistral yuk elektrovozlarini va “Moskva” seriyali metropoliten poyezdlarni ishlab chiqarib, yetkazib bermoqda.
Undan tashqari 2019-yilda “Metrovagonmash” Toshkent metrosi uchun umumiy qiymati 27,7 million yevro bo‘lgan 5ta yangi sostav yetkazib bergan edi. Keyinroq O‘zbekiston Temir yo‘llari yana 40ta metro poyezdlari sotib olish rejalari haqida ma’lum qilgan edi.