TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari - Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini O‘zbekistonga olib kelish jarayoni haqida ma’lumot berdi.
Yusupaliyevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda bir million dozaga kontrakt ishlab chiqilgan, hozirgi kunda Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi bilan muzokaralar olib borilmoqda va ular tomonga berilgan.
"U tomon ko‘rish chiqmoqda. Uning natijasi bo‘yicha shartnomaga qo‘l qo‘yiladi va “Sputnik V” vaksinasini ham olib kelish ko‘zda tutilgan. Hozir asosiy masala “Sputnik V” vaksinasini O‘zbekistonga olib kelish jarayoni. Vaksinani O‘zbekistonga olib kelish rejasi, deylik qaysi muddatda va qancha miqdorda - shu atrofda muzokaralar olib borilmoqda. Chunki biz aholimiz “tezroq olib kelinsin, tezroq emlashni boshlasin” degan niyatda yuribmiz”
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘z navbatida vaksinani ishlab chiqarish hajmlari aynan RF va boshqa davlatlarda yetarli emas. Shuning uchun ham bu reja-grafik muhokama qilinyapti.
“Biz tomon tezroq olib kelish, ko‘p miqdorda olib kelish, narigi tomon sal bu masalada kechroq muddatlarni berapti. Shuning uchun bu masalada hozir muzokaralar olib borapmiz”, - deb ta’kidladi Yusupaliyev.