Boylar va kambag‘allar boshqa-boshqa vaksina olyapti degan ma’lumot rad etildi

YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari boylar va kambag‘allar boshqa-boshqa vaksina olayotgani haqidagi xabarni rad etdi.
Sputnik
TOShKENT, 17 mar — Sputnik. YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade boylar va kambag‘allar boshqa-boshqa vaksina olyapti degan ma’lumotlar yolg‘on ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u AOKAda bo‘lib o‘tayotgan brifingda ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shu kungacha jahon miqyosda 28 million doza vaksina tarqatilgan. Ularning aksariyati Koreya va Hindistonda ishlab chiqarilgan.
Global dastur doirasida 190 ta mamlakat qamrab olingan. Ushbu 190 davlat ichidan 98 tasi o‘zlari buyurtma berib olmoqda. Boylar boshqa vaksina, kambag‘allar esa boshqa vaksina olyapti degan ma’lumotlar yolg‘on.
Munir Mamedzade
YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari
Mamedzade yolg‘on xabar hech narsaga yordam bermasligi va emlash ko‘p sonli aholining hayotini saqlab qolishini ta’kidladi. Yolg‘on xabar esa inqirozli holatni davom ettiradi.
“Sputnik V”: Yusupaliyev vaksinani O‘zbekistonga olib kelish haqida
O‘zbekiston bugun COVAX dasturi orqali yetkazib berilgan 660 ming doza “AstraZeneca” vaksinasini oldi.
660 ming dozani yetkazib berish COVAX dasturi bo‘yicha O‘zbekistonga ajratilgan 2 million 256 ming dozadan iborat birinchi yuk hisoblanadi. Qolgan vaksinalar yaqin oylarda yetkazib beriladi.